
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi taklifi bilan xorijga tashkilot orqali ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni himoya qiluvchi ixtiyoriy sugʻurta tizimi joriy etiladi.
Yangi tartibga koʻra, sugʻurta kompaniyalariga migrantlar uchun imtiyozli tariflar va maxsus sugʻurta mahsulotlarini ishlab chiqish tavsiya etilgan. Qamrovga xorijda mehnat faoliyati davridagi hayot va sogʻliq sugʻurtasi, patent yoki ruxsatnoma rad etilishi xavfi, ishga joylashish uchun olingan kreditlar qaytmasligi bilan bogʻliq risklar, shuningdek, Oʻzbekistonda ixtiyoriy tibbiy sugʻurta polisi berish yoki migrant boʻlgan mamlakatda assistans orqali tibbiy yordamni tashkil etish kiradi.
Sugʻurta qoplamasi badal toʻlangan valyutada toʻlanadi. Uzoq muddatli hayot sugʻurtasida ikki asosiy holat koʻzda tutilgan:
- vafot yoki I-II guruh nogironligi yuz bersa – toʻliq sugʻurta summasi toʻlanadi;
- belgilangan yoshga yetganda esa sugʻurta summasi va investitsiya daromadidan ulush beriladi. Sugʻurta muddati 12 oydan oshgan taqdirda pul oʻtkazish xarajatlari ham qoplanadi.
Nizomga muvofiq, sugʻurta shartnomasi migrantning xorijdagi ish muddati bilan mos tarzda tuziladi. Sugʻurta javobgarligi shaxs davlat chegarasini kesib oʻtgach kuchga kiradi. Vafot holatida repatriatsiya xarajatlari imkon qadar tez, ammo 3 kundan kechiktirmay qoplanishi belgilangan. Eng kam sugʻurta summasi BHMning 250 baravariga teng etib belgilandi.
Yangi mexanizm migrantlar uchun moliyaviy va tibbiy xavflarni sezilarli darajada kamaytiradi. Hujjatlar rad etilishi yoki qarzlar qaytmasligi bilan bogʻliq risklar sugʻurta orqali qoplanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Peterburgda migrantlarga kuryerlikni taqiqlovchi qaror kuchga kirgani haqida xabar bergan edi.