Banklar va moliya

Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajadagi 59,3 milliard dollarga yetdi

Noyabr oyi boshidagi ma’lumotlar Markaziy bank tomonidan taqdim etildi
Золото
Foto: Unsplash

Markaziy bank ma’lumotiga koʻra, 2025-yil 1-noyabr holatida Oʻzbekistonning oltin-valyuta aktivlari 59,3 milliard dollarga yetib, tarixiy maksimumni yangiladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, yil boshidan buyon zaxiralar 44,3 foizga oshgan. Oylik oʻsish esa 8 foizni tashkil etdi. Umumiy aktivlarning qariyb $11 milliardi xorijiy valyutalar, $47,8 milliarddan ortigʻi esa qimmatbaho metallardan iborat. Troya unsiyasi boʻyicha oltin hajmi bir oyda 11,6 milliondan 11,9 million unsiyaga koʻtarildi.

Sentabr oyida Oʻzbekiston Markaziy banki global regulyatorlar orasida yagona oltin sotuvchisi boʻlgan. Mazkur oyda mamlakat toʻrt tonna oltin sotgan.

Shu bilan birga, dunyo Markaziy banklari oltin xaridini kuchaytirishda davom etmoqda: sentabr oyida Braziliya 15 tonna, Qozogʻiston sakkiz tonna, Gvatemala esa olti tonna xarid qilgan.

Milliy statistika qoʻmitasining ma’lumotiga koʻra, joriy yilning toʻqqiz oyida Oʻzbekiston oltin eksportini 70,9 foizga oshirib, $9,9 milliardga yetkazdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Paynet kompaniyasi Tashkent City Mallʼda oltin quymalari sotiladigan avtomat ishga tushirgani haqida xabar bergan edi.