Shifokorlar mehnati munosib rag‘batlantiriladi — prezident tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yoʻllagan tabrigida tibbiyotning davlat siyosatidagi ustuvor oʻrnini yana bir bor ta’kidladi.
Davlat rahbari shifokorlar mehnatini yuksak qadrlashini bildirib, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash, moddiy ragʻbatlantirish va malakasini oshirish boʻyicha ishlar izchil davom ettirilishini qayd etdi.
Tabrikda soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilgan oʻzgarishlar sanab oʻtildi. Prezidentning aytishicha, soha uchun ajratilayotgan budjet mablagʻi 6 baravarga oshdi, yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar markazdan hududlarga kengaytirildi. Birlamchi tibbiy boʻgʻinda xalqaro tajribaga asoslangan yangi model joriy etilib, qisqa muddatda 490 ta muassasa qayta tashkil etildi, 350 ta mustaqil oilaviy poliklinika faoliyat boshladi.
Raqamlashtirish yoʻnalishida ham tizim sezilarli yangilangan. DMED elektron platformasi ishga tushirilgan boʻlib, unga 36 milliondan ortiq fuqaroning tibbiy ma’lumotlari kiritildi. Tez tibbiy yordamda chaqiriqlarni elektron boshqarish tatbiq etildi, sun’iy intellekt asosida 40 dan ortiq turdagi tekshiruv va muolajalar yoʻlga qoʻyildi.
Xususiy tibbiyot sektori ham kengaymoqda: soʻnggi sakkiz yilda klinikalar soni 3,5 mingdan 9 mingtaga yetdi, xizmatlar spektri esa 50 tadan 130 taga koʻpaydi. Farmatsevtika ishlab chiqarishi 1,4 trln soʻmdan 6,3 trln soʻmga, eksport esa $6,3 mlndan $250 mlnga oshgani qayd etildi.
Islohotlar natijasida sogʻliq koʻrsatkichlari ham sezilarli yaxshilangani ma’lum qilindi. Onalar oʻlimi 2017-yildan beri 21 promilledan 11 promillega, chaqaloqlar oʻlimi esa 11,5 promilledan 7,8 promillega kamaygan. Oʻrtacha umr koʻrish 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaygan.
Prezident shifokorlarni kasb bayrami bilan tabriklar ekan, ularga mustahkam sogʻlik, oilaviy farovonlik va kasbiy faoliyatda yangi muvaffaqiyatlar tiladi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, tibbiyot xodimlarining xizmatini eʼtirof etish va ular uchun munosib sharoit yaratish bundan keyin ham davlat eʼtiborining markazida boʻladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident ichki ishlar xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklagani haqida xabar bergan edi.