
Urgut tumanida hokim yordamchisi va advokat pora olayotganda ushlandi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Urgut tuman tibbiyot birlashmasi tekshiruvida 61 mln so‘mlik kamomad aniqlangan. Prokuratura tomonidan JKning 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tekshiruv davomida tumandagi mahallalardan biri hokim yordamchisi ishga aloqador shaxsning jinoyat ishini yengil hal qilib berish uchun $2,5 ming olgan paytda DXX tomonidan ushlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, hokim yordamchisi pulni mahalliy advokatga topshirishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng advokat ham $2,5 mingni olayotganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tergovga ko‘ra, advokat mansabdor tanishlari orqali ishni JPKning 84-moddasi asosida to‘xtatib berishni va’da qilgan.
Hozir hokim yordamchisi va advokatga nisbatan JKning 168 hamda 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent viloyatida fermer xo‘jaligining yerini sotmoqchi bo‘lganlar ushlangani haqida yozgan edi.