2026-yildan davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi joriy qilinadi

2026-yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi joriy qilinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi qaror qabul qildi.
Qaror 2026-yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida ishlayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ish sharoitlarini yaxshilash va moddiy rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
Endilikda tibbiyot xodimlari har yili Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori darajasida rag‘bat oladi. Shuningdek, tibbiyot sohasida «eng yaxshi» yo‘nalishlar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilib, shifoxonalar 500 million so‘m, rahbar va tibbiyot xodimlari 30 million so‘m bir martalik mukofot bilan rag‘batlantiriladi.
2026-yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi joriy qilinadi. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Shifokorlarga moddiy rag‘bat
2026-yil 1-yanvardan boshlab:
- yangi davolash usullarini joriy qilgan shifokorlarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 50 baravari miqdorida mukofot beriladi;
- kamida 15 yil ishlagan tibbiyot xodimlarining farzandlariga OTM kontraktining 30 foizi (lekin BHMning 15 baravaridan oshmagan qismi) qoplab beriladi;
- xalqaro yuqori impaktli jurnallardagi maqolalar xarajatlari to‘liq qoplanadi;
- har yili 500 nafarga yaqin tibbiyot xodimiga uy-joy dastlabki badalining 25 foizi qoplab beriladi;
- davlat xizmatlari uchun to‘lovlar ikki barobar kamayadi;
- 3 yildan oshgan stajga ega xodimlar bir yiliga bir marotaba bepul yuqori texnologik tibbiy xizmat oladi;
- kamida 15 yil stajiga ega xodimlarga bir yilda bir marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladi.
Davlat budjetidan har yili mazkur jamg‘armaga 100 milliard so‘m ajratib boriladi. Qaror ijrosi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov mas’ul etib belgilandi.
Avvalroq salohiyatli yosh shifokorlarga bir million so‘mgacha qo‘shimcha to‘lov berilishi haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, tibbiyot xodimlari uchun bir qator mehnat va moddiy imtiyozlar belgilangan.