Avto

Audi E5 Sportback hayratlanarli natija qayd etdi

E5 Sportback 800 voltli arxitekturaga ega
Audi
Foto: CarNewsChina

SAIC Audi Xitoy bozoriga mo‘ljallangan Audi E5 Sportback modeli bilan yangi rekord o‘rnatdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Elektromobil Ridge Circuit tog‘ trassasida 01 daqiqa 42 soniya 99 millisoniya natija bilan harakatlanib, yangi vaqt ko‘rsatkichiga erishdi. E5 Sportback hatto Lotus Emira modelini ortda qoldirdi va umumiy reytingda uchinchi o‘ringa chiqdi. Undan oldinda faqat Porsche Taycan GT Weissach Package va Xiaomi SU7 Ultra turibdi.

Ridge Circuit 2024-yilda ochilgan va Osiyodagi birinchi tog‘ trassasi hisoblanadi. Uning uzunligi 2,42 km, 31 ta burilish va 71 metr balandlik farqiga ega. Trassa tekis emas, tabiiy relyef asosida qurilgan.

Audi’ning yangi natijasi modelning bozorga chiqishidan ko‘p o‘tmay qayd etildi. 16-sentabr kuni sotuvga chiqqan E5 Sportback yarim soatda 10 mingdan ortiq buyurtma olgan.

Model narxi 235 900 yuandan ($32,9 ming) boshlanadi. Eng qimmat Flagship quattro versiyasi 319 900 yuan ($44,7 ming). Quvvat 220 kW dan 579 kW gacha. Eng kuchli versiya 0 – 100 km/soat tezlikni 3,4 soniyada oladi.

E5 Sportback 800 voltli arxitekturaga ega. 100 kWh CATL akkulyatori bilan 773 km CLTC masofa yurishi mumkin. Aerodinamik koeffitsient 0.252 darajada. Shassi Continental havo osmasi, Pirelli P Zero R0 shinalari, to‘rt pistonli tormoz tizimi bilan jihozlangan.

Salon 59 dyuymli keng displey bilan taqdim etiladi. U Qualcomm Snapdragon 8295 chipida ishlaydi. Audi OS, AI-assistent, elektron oynalar, CarPlay va Huawei HiCar qo‘llovi mavjud. Kengaytirilgan versiyalarda ventilyatsiyali o‘rindiqlar, Bose 18 karnayli audio tizimi va moslashtiriladigan yoritish beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Audi’ning 2026-yilgi modellari taqdim etilgani haqida yozgan edi.