Yangiliklar

Avstraliya sanksiyalarga qaramay Rossiya neftini import qilmoqda

2023-yildan buyon Avstraliya 3 mln, Singapur esa 22 tonna Rossiya neftini sotib olgan
Foto: The Guardian

Avstraliya Rossiya neftiga qarshi sanksiyalar joriy etganiga qaramay, Singapur orqali Rossiya yonilg‘isini import qilayotgani ma’lum bo‘ldi. «The Guardian» nashrining xabariga ko‘ra, mamlakat 2023-yildan buyon 3 mln tonnadan ortiq Rossiya neft mahsulotlarini xarid qilgan.

Rossiyadan kelayotgan millionlab tonna yonilg‘i Singapurdagi Jurong porti orqali o‘tadi. Ushbu portning bir qismi Avstraliyaning «Macquarie» investitsiya bankiga tegishli bo‘lib, u Rossiya neftining qayta ishlanishi va qayta eksport qilinadigan asosiy tugunlardan biri hisoblanadi.

Avstraliya uchinchi davlatlar orqali neft mahsulotlarini sotib olishi qonun doirasida bo‘lsa-da, amalda Rossiya neft sanoatini va Kremlning budjet tushumlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil boshidan Avstraliya import qilayotgan yonilg‘ining qariyb choragi Singapurdan kelgan. Shu bilan birga, Singapur o‘zi Rossiyadan 22 mln tonnadan ortiq neft mahsulotlarini sotib olgan, ularning uchdan biri Jurong porti orqali o‘tgan.

«Macquarie» vakili portda nazorat paketi Singapur hukumati qo‘lida ekanini bildirgan va terminal faoliyati xalqaro me’yorlarga muvofiqligini ta’kidlagan. Biroq bank vakili investitsiyalardan moliyaviy foyda olinganmi-yo‘qligini ochiqlamagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh sanksiyalaridan so‘ng neft narxi 4 foizdan ko‘proq oshgani haqida xabar bergan edi.