
Britaniya ommaviy axborot vositasi BBC bosh direktori Tim Devi va yangiliklar bo‘limi rahbari Deborah Terness 2025-yil 9-noyabr kuni iste’fo berdi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

BBC rahbari AQSh prezidenti Donald Trampning 2021-yil 6-yanvardagi nutqining tahrir qilingan videosi yuzasidan urchigan keskin tanqidlar ortidan iste’foga chiqdi. Videoda Tramp tarafdorlarini Kapitoliyni bosib olishga chaqirayotgandek ko‘rsatilgan, ammo keyinchalik aniqlanishicha, tahrir jarayonida bir-biridan deyarli bir soat farq bilan aytilgan ikki jumla birlashtirilgan va nutq mazmuni noto‘g‘ri talqin qilingan.
BBC’ning flagman dasturlaridan biri bo‘lgan «Panorama» tomonidan Trampning turli lavhalardan tahrirlangan videodagi nutqi kesib joylashtirilgan. Natijada u Kapitolga birga boramiz va kurashamiz degan so‘zlarni aytgandek ko‘rinish hosil qilgan, aslida esa u faqat senatorlar va deputatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Tim Devi o‘z xatolari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganini, iste’fo butunlay shaxsiy qaror ekanini aytdi. Deborah Terness esa bu mojaroning BBC’ga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan xavotir bildirdi.
Qirollik Madaniyat, Media va Sport vaziri Liza Nandi BBC’dagi tizimli tarafkashlikni jiddiy muammo deb atadi. Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Trampning matbuot kotibi Karoline Leavitt BBC’ni 100 foiz soxta yangiliklar va propaganda mashinasi sifatida tanqid qildi.
BBC vakillari esa holat yuzasidan izoh berishdan tiyilgan, biroq tashkilot har qanday tahririy shikoyatni jiddiy ko‘rib chiqishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nohaq ishdan bo‘shatilgan 13 ming xodim ishiga tiklangani haqid ayozgan edik.