
Endi O‘zbekistonda narkolaboratoriya tashkil etganlar 20 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Prezident farmoniga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga «Aholi salomatligi va millat genofondiga qarshi jinoyatlar» nomi bilan alohida yangi bo‘lim kiritiladi.
Endilikda narkojinoyatlarning ayrim turlari uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Bunga narkojinoiy uyushma tuzish, narkotiklarni internet orqali yoki transchegaraviy yo‘l bilan o‘tkazish, narkolaboratoriya tashkil etish, mansab vakolatini suiiste’mol qilib narkotrafikka homiylik kiradi. Shuningdek, jamoat joylarida narkotik iste’mol qilganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, narkojinoyatlarni ko‘p miqdorda sodir etish, takror sodir etish yoki odam o‘limiga sabab bo‘lgan holatlarda jazolar ikki baravargacha og‘irlashtiriladi.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan yoki ularni jalb qilgan holdagi narkojinoyatlar yanada og‘irlashtirilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ta’lim muassasalari va ularga tutash hududlarda bunday jinoyatlar sodir etilganda ham jazo ikki baravargacha oshiriladi.
Ayrim narkojinoyatlar uchun muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish tartibi qo‘llanmasligi belgilandi.
Avvalroq Toshkentda narkotik savdosi bilan bog‘liq holatlar fosh etilgandi. Hozirda bu jinoyatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ish qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.