Endi sog‘liqni saqlash rahbarlari kunlik qabulini mahallalarda o‘tkazadi

eʼlon qilindi
Shuningdek, 2026-yildan sog‘liqni saqlash rahbarlari hamda poliklinika mudirlarini tayinlash tartibi o‘zgaradi
Endi sog‘liqni saqlash rahbarlari kunlik qabulini mahallalarda o‘tkazadi
Endi sog‘liqni saqlash rahbarlari kunlik qabulini mahallalarda o‘tkazadi / Foto: ijtimoiy tarmoq

Prezident tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda rahbarlarning xalq bilan muloqotni kuchaytirishi shartligini ta’kidladi.

Unga ko‘ra, endi tuman va viloyat sog‘liqni saqlash rahbarlari, bosh shifokorlar hamda poliklinika mudirlari kunlik qabulni bevosita mahallalarda o‘tkazadi.

«Mazkur rahbarlar o‘zini bemorning o‘rniga qo‘yib, eshikdan boshlab, vrach qabuliga kirish uchun xonama-xona yursa, rentgen, laboratoriya, UZI, EKG uchun boshqa-boshqa qavatga chiqib-tushsa, shunda odamlarning holatini tushunib, bu savolga javob topadi. Shu bois har bir viloyat, tuman tibbiyot rahbari, bosh shifokor va poliklinika mudiri bemorga e’tiborli bo‘lib, dardiga shifo izlab kelgan har bir odamning ishi tez bitishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi shart!», — dedi davlat rahbari.

Yangi integratsiyalashgan tizim joriy qilinadi

Bundan tashqari, tuman va viloyat bosh shifokorlari respublika markazlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan, integratsiyalashgan tizim joriy qilinishi belgilandi. Tizim bo‘yicha endi hududdagi rahbarlar kasalliklarning turlari va o‘sish dinamikasidan kelib chiqib, respublika markazlariga bevosita buyurtma beradi. Davolash bilan birga profilaktika, shifokorlar malakasini oshirish masalalari ham ustuvor yo‘nalish bo‘ladi.

Rahbarlarni tayinlash tartibi o‘zgaradi

2026-yildan 26 ta markaz direktorlari, viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari hamda oilaviy poliklinika mudirlarini tayinlash tartibi o‘zgaradi. Tibbiyot muassasalarida rahbar va bosh shifokor lavozimlari ajratiladi va rahbarlik lavozimlariga menejerlikka o‘qigan, samarali natija ko‘rsatgan kadrlar tayinlanadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev sohaning hozirgi holatini aniq misollar bilan tahlil qilgandi. Yig‘ilishda shifokorlar aholiga, ayniqsa, bolalarga haligacha antibiotiklarni pala-partish qo‘llab kelayotgani tanqid qilindi. Tumanlarga tushib, shifoxona va poliklinikadagi vrachlarga qaysi dori mumkin, qaysi biri mumkin emasligini o‘rgatish ishlari sustligi ham qayd etildi.

Shuningdek