
Apple kompaniyasi yaqin kelajakda iPhone’larda sun’iy yo‘ldosh aloqasini sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Endi foydalanuvchilar Wi-Fi yoki mobil aloqa mavjud bo‘lmagan hollarda ham «Maps» ilovasi orqali navigatsiyadan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, foydalanuvchilar sun’iy yo‘ldosh orqali matn va rasmli xabarlar yuborish, hatto binolar ichida ham aloqani ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kelajakdagi iPhone modellari 5G noterestrial tarmoq (NTN) texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa mobil bazaviy stansiyalarga sun’iy yo‘ldoshlar orqali qamrov hududini kengaytirish imkonini beradi.
Apple sun’iy yo‘ldosh aloqasini uchinchi tomon dasturchilarning ilovalariga integratsiya qilish imkonini beruvchi API’ni ham taqdim etadi. Bu orqali turli ilovalar, jumladan, favqulodda vaziyatlar va tashqi hududlarda ishlaydigan ilovalar sun’iy yo‘ldosh orqali ishlay oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MacBook Pro’ning faqat yuqori toifadagi modellariga OLED ekran o‘rnatilishi haqida yozgan edik.