Kechga nima ovqat: tovuq va pishloqdan tayyorlangan turkcha somsa

10-noyabr 2025 18:02 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Zira.uz

Turkcha somsa smetanali xamir asosida tayyorlanadi. Ichiga esa tovuq go‘shti va pishloqdan iborat yumshoq, tiniq asos solinadi. Natijada, oltinrang tus olgan, tiniq po‘stli somsa og‘zingizda erib ketadi.

Bu retseptning afzalligi — xamiri juda sodda va tez tayyorlanadi. Uni ertalab qorib qo‘yib, tushlik yoki kechki ovqatga pishirsangiz ham bo‘ladi. Natija — issiq, mazali, mehmonlar yoki yaqinlaringizni xursand qiladigan pishiriq.

Kursiv Uzbekistan kechki dasturxoningizni somsalar bilan boyitishda yordam beradi.

Masalliqlar

Xamir uchun:

  • 100 g margarin;
  • 200 g smetana;
  • 375 g un;
  • 0,5 choy qoshiq qabartma;
  • 1 choy qoshiq tuz.

Qiyma uchun:

  • 250 g tovuq go‘shti (lahm qismi);
  • 100 g pishloq;
  • 1 bosh piyoz;
  • 1 ta pomidor;
  • 2 osh qoshiq o‘simlik yog‘i;
  • Ta’bga ko‘ra tuz va murch.

Bezatish uchun:

  • 1 ta tuxum sarig‘i;
  • Sedana urug‘i.

Tayyorlanish bosqichlari

1. Xamir qorish. Un, tuz va qabartmani aralashtiring. Margarinni qirg‘ichdan chiqarib, un bilan ezing. So‘ngra smetana qo‘shib, o‘rtacha qattiqlikdagi xamir qoriladi. Zarurat bo‘lsa, smetana miqdorini moslang.

2. Xamirni tindirish. Xamirni aylana shaklda yoyib, ustini sochiq bilan yoping va yarim soat dam olishga qo‘ying.

3. Qiyma tayyorlash. Tovuq go‘shti va pishloqni to‘rtburchak, piyozni yupqa to‘rtburchak, pomidorni yarim oy shaklida to‘g‘rang. Tovuq va piyozni idishda tuz, murch bilan aralashtiring.

4. Xamirni yoyish. Tingan xamirni yoyib, to‘rtburchak shaklda kesing.

5. Somsa tugish. Har bir bo‘lak o‘rtasiga bir osh qoshiqdan qiyma soling va tugib chiqing.

6. Pishirishga tayyorlash. Pergament qog‘oz to‘shalgan patnisga tering. Ustiga tuxum sarig‘i surtib, sedana urug‘i seping.

7. Pishirish. Oldindan qizdirilgan 180°C pechda 35 daqiqa davomida pishiring.

8. Dasturxonga tortish. Issiqligida pomidorli qayla bilan dasturxonga torting.

Maslahat: somsani issiq holatda iste’mol qilsangiz, xamirdagi sariyog‘ning mayinligi va pishloqning eruvchan ta’mi yanada kuchli seziladi.

Kursiv Uzbekistan – taom san’ati va lazzat uyg‘unligi manzili. Yoqimli ishtaha!

Shuningdek