
Apple kompaniyasi yaqin yillarda o‘z mahsulotlarida OLED ekranlardan keng foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda WCCF Tech ma’lum qildi.
Biroq dastlabki OLED ekranli MacBook modellari faqat Pro versiyalarida – M6 Pro va M6 Max protsessorli noutbuklarda taqdim etiladi. Bu versiyalar yangilangan dizayn va yanada yupqa korpusga ega bo‘ladi. Boshqa, arzonroq MacBook modellari esa hozirgidek oddiy ekran bilan chiqarilishi kutilmoqda.
Narx masalasida Apple hali aniq ma’lumot bermagan, biroq eng arzon MacBook Pro OLED modeli $2 mingdan boshlanishi mumkin. Hozirgi bazaviy MacBook Pro narxi esa $1,6 mingni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, OLED ekranli yangi MacBook Pro noutbuklari 2026-yil oxiri yoki 2027-yil boshida taqdim etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple arzonroq MacBook modelini taqdim etishi haqida yozgan edik.