Banklar va moliya

Markaziy bank 18 ta tijorat bankini 102 million so‘mdan jarimaga tortdi

Ayrim banklar o‘z saytlarida ma’lumotlarni davlat tilida joylashtirmagan
Markaziy bankda yangi tayinlovlar amalga oshirildi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Markaziy bank sentabr–oktabr oylarida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarini keng ko‘lamli monitoringdan o‘tkazdi. Tekshiruv natijasida 18 ta bankda qonunchilik talablari buzilganligi aniqlanib, ularning har biriga 102 million so‘mdan jarima qo‘llanildi.

Regulyatorning ma’lum qilishicha, monitoringning asosiy maqsadi — moliyaviy xizmatlar iste’molchilari uchun axborotlarni oshkor etish tizimi qanchalik qonuniy va shaffof amalga oshirilayotganini baholash bo‘lgan. Shuningdek, banklarning o‘z mijozlariga to‘liq, ishonchli va tushunarli ma’lumot taqdim etish majburiyatiga qanday amal qilayotgani o‘rganilgan.

Tekshiruvlar davomida qator qonunbuzarliklar aniqlandi. Ayrim banklar o‘z saytlarida ma’lumotlarni davlat tilida joylashtirmagan, bu esa «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzish hisoblanadi. Bundan tashqari, bir nechta banklar kredit ta’minoti sifatida olingan garov mulklarini bosqichma-bosqich garovdan chiqarish tartibini e’lon qilmagan.

Mazkur kamchiliklar «Agrobank», «Anor bank», «Hayot bank», «Universal bank», «Garant bank», «Asakabank», «Turonbank», «Infinbank», «Mikrokreditbank», «Trastbank», «Madad Invest bank», «Soderot bank», «Orient Finans bank», «Ipoteka-bank», «Tenge bank», «Ziraat Bank Uzbekistan», «AVO bank» va «Open bank» veb-saytlarida qayd etilgan.

Natijada Markaziy bank tomonidan ushbu 18 ta bankning har biriga nisbatan ma’muriy jarima chorasi qo‘llanildi. Shu bilan birga, regulyator barcha banklarga aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va saytlaridagi ma’lumotlarni qonunchilik talablariga to‘liq moslashtirish bo‘yicha rasmiy topshiriqlar yuborgan.

Markaziy bank ta’kidlashicha, tijorat banklari iste’molchilarga axborot taqdim etishda davlat tilidagi qonun talablariga so‘zsiz amal qilishi, joylashtirilgan ma’lumotlar esa to‘liq, dolzarb va tushunarli bo‘lishi shart. Shu orqali fuqarolarning axborot olish huquqi kafolatlanadi va bank tizimida shaffoflik darajasi oshadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda birinchi mikromoliya banki ochilgani haqida yozgandi.