Oliygohlarda oliy hamshiralik yo‘nalishi bo‘yicha kvotalar ikki barobar oshiriladi

2026-yildan barcha tibbiyot oliygohlarida oliy hamshiralik yo‘nalishi ochiladi va kvotalar ikki barobar oshiriladi. Bu haqda prezidentning tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvida qayd etildi.
Shu bilan birga, oliy ma’lumotli hamshiralarga 100 foiz ustama belgilanadi. Xalqaro standartlar Angliya, Germaniya va AQSh ta’lim dasturlari asosida joriy etiladi.
Endi hamshira faqat muolaja qiluvchi emas, balki tashxis, davolash va profilaktikada shifokorga ko‘makchi bo‘ladigan darajada tayyorlanadi. Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, negizida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi.
Rezidenturada o‘qiyotganlar oilaviy shifokor sifatida ishlashi mumkin
Kelgusi o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlarida pediatriya va davolash yo‘nalishlarini birlashtirgan umumiy tibbiyot fakulteti ochiladi. Rezidenturada bepul o‘qiyotgan talabalar bir vaqtning o‘zida oilaviy shifokor sifatida ishlaydi va maosh oladi. Bitiruvchilar tor soha bo‘yicha diplomga ega bo‘lib, 150 foiz ustama oladi.
Uch bosqichli baholash tizimiga o‘tiladi
Tibbiyot oliygohlarida ta’lim sifati endi uch bosqichda baholanadi:
- bakalavr bosqichi — fundamental va klinik fanlar bo‘yicha;
- rezidentura tugatgandan so‘ng — ixtisoslik imtihoni bo‘yicha;
- davlat ro‘yxatidan o‘tgandan keyin — shifokorga ruxsat beriladi.
Uzluksiz kasbiy tibbiyot ta’limi markazi tashkil etiladi
Yangi tizimga ko‘ra, tibbiyot xodimlarining bilimini muntazam yangilab borishi majburiy bo‘ladi. Malaka oshirishning masofaviy, robot-simulyator, amaliy va ish joyidagi shakllari joriy etiladi. Shu maqsadda Uzluksiz kasbiy tibbiyot ta’limi markazi tashkil etiladi.
Avvalroq tibbiyot rahbarlarini rag‘batlantirish tizimi yangilanishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, kasalliklarning oldini olish, bemorlarni hududning o‘zida davolash, dori berishni tartibga solish, yaxshi kadrlarni jalb qilish va muntazam o‘qitish, sifatli servis yaratish, raqamlashtirishni to‘liq joriy etgan eng yaxshi viloyat va tuman rahbarlari hamda oilaviy poliklinika mudirlari mukofotlanadi.