Sport

O‘zbek chavandozlari Dubaydagi nufuzli musobaqa sovrindoriga aylandi

Foto: MOQ

Dubay shahrida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha «CSI2*» tasnifidagi xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari oltin va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

140 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrash dasturida Abdurahmon Abdullayev Otto van de Achterhoek laqabli oti bilan barcha raqiblarini ortda qoldirib, musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Terma jamoamiz yetakchilaridan biri Bekzod Qurbonov esa Matts V.G. bilan uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Foto: MOQ

Dubayda o‘tkaziladigan VIRTUS International Show Jumping Cup (CSI2*) musobaqasi xalqaro miqyosda katta e’tibor qozongan turnir bo‘lib, Xalqaro ot sporti federatsiyasi talablariga muvofiq tashkil etiladi. Musobaqa an’anaviy tarzda Emirates Equestrian Centre arenasida o‘tkazilib, unda Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining eng kuchli chavandozlari ishtirok etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bahraynda o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni olgani haqida xabar bergan edi.