O‘zbekiston AQShdan kichik yadroviy reaktorlar xarid qilishni rejalashtirmoqda

AQSh Davlat departamenti 6-noyabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarning tafsilotlarini e’lon qildi.
Bayonotda aytilishicha, ikki davlat hukumati iqtisodiyot, xavfsizlik va gumanitar sohalarda keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlash ustida ishlamoqda. Bu esa ikki mamlakatning barqarorligi va farovonligini ta’minlashga qaratilgan.
Tramp AQShni muhim minerallar bilan ta’minlash va energetik hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan kelishuvlarni olqishlagan.
Kelishuvlar doirasida quyidagi yo‘nalishlar belgilandi:
- AQShga O‘zbekiston hududida birgalikda ishlab chiqiladigan foydali qazilmalar konlariga birinchi navbatda kirish huquqi beriladi, shuningdek, muhim minerallar zaxiralari xaritalari bo‘yicha ma’lumot almashiladi.
- AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida muhim minerallar hamda kamyob yer elementlari ta’minot zanjirini mustahkamlash uchun $400 millionlik sarmoya kiritish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
- O‘zbekiston AQSh energetika kompaniyalaridan kichik modul yadroviy reaktorlar xarid qilish majburiyatini oldi.
Shuningdek, Air Products kompaniyasi O‘zbekistonda metanol ishlab chiqarish zavodi qurilishiga $3 milliardgacha investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Kompaniya 2019-yildayoq mamlakatda metanoldan olefinlarga loyihasini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rgangan edi. Hukumat o‘sha paytda tabiiy gazni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni maqsad qilgan edi.
Tomonlar, shuningdek, xalqaro jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurash sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Bu doirada huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida tezkor ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida AQSh uskunalari xarid qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri AQSh kompaniyasi O‘zbekistonga $300 millionlik qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishi haqida yozgandi.