Yangiliklar

O‘zbekiston va AQSh kosmik texnologiyalar sohasida hamkorlik qiladi

Mutaxassislarimiz kosmik loyihalarda ishtirok etishlari mumkin
Foto: Vast Space

O‘zbekiston kosmik texnologiyalar sohasida AQShning xususiy aerokosmik kompaniyasi Vast bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Vazir Sherzod Shermatov AQShga tashrifi davomida dunyodagi ilk tijoriy kosmik stansiyani qurayotgan Vast kompaniyasi vitse-prezidenti Rich Leshner bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda kosmik sohani rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va o‘zbekistonlik mutaxassislarning global loyihalarda ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

Shermatov fan va innovatsiyalarni rag‘batlantirish, yosh ilmiy kadrlar uchun imkoniyatlar yaratish va O‘zbekistonning xalqaro kosmik dasturlarda faol qatnashishini ta’kidladi. Tomonlar uzoq muddatli hamkorlik rejalarini muhokama qilib, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, kadrlar almashinuvi va o‘zbekistonlik mutaxassislarni Haven-1 orbital stansiyasining muvaffaqiyatli uchirilishidan keyingi missiyalarda jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Bundan tashqari, Haven-2 loyihasi doirasida sun’iy gravitatsiya, hayotni qo‘llab-quvvatlash tizimlari va orbital arxitektura bo‘yicha o‘zbekistonlik olim va muhandislarning ishtiroki muhokama qilindi. Ta’lim, amaliyot va qo‘shma laboratoriyalar yaratish borasida yangi tashabbuslar ham ilgari surildi, bu esa ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro memorandumini imzolab, o‘zbekistonlik mutaxassislarning xalqaro kosmik dasturlar va orbital texnologiyalar loyihalaridagi ishtirokini oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgiladi.

Vast kompaniyasi AQShda joylashgan xususiy aerokosmik kompaniya bo‘lib, yangi avlod kosmik stansiyalarini yaratishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning ilk loyihasi Haven-1 dunyodagi ilk tijoriy kosmik stansiya bo‘lib, kelajakda ko‘p modulli stansiyalar, jumladan, Haven-2 uchun baza vazifasini bajaradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan NASA SpaceX bilan shartnomani bekor qilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.