
O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, tibbiyot xodimlari uchun bir qator mehnat va moddiy imtiyozlar belgilangan. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Birinchidan, tibbiyot xodimlari uchun ish haftasining davomiyligi 36 soatdan oshmasligi ko‘zda tutilgan. Ikkinchidan, yuqori malakali mutaxassislarga lavozim maoshining 100 foizigacha ustama to‘lanadi. Uchinchidan, salohiyatli yosh shifokorlarga bir mln so‘mgacha qo‘shimcha to‘lov belgilanadi. Shuningdek, ilmiy darajaga ega xodimlarga har oy lavozim maoshining 60 foizigacha ustama to‘lanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim tumanlarida ishlayotgan shifokorlar uchun oyma-oy 200 foizgacha ustama joriy etilgan. Uzoq va chekka hududlarda uzluksiz uch yil faoliyat yuritgan shifokorlar esa klinik ordinaturaga test sinovisiz qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklagan edi.