Sankt-Peterburgda migrantlarga taqiqdan so‘ng taksi narxlari keskin oshdi

eʼlon qilindi
«Yandeks Taksi» ma’lum qilishicha, taqiq sabab shaharda haydovchilar soni 12 foizga kamayadi
Foto: Neva.Today

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida migrantlarning taksida ishlashiga doir taqiq kuchga kirganidan so‘ng, shaharda taksi xizmatlari narxlari 30 foizgacha oshdi. Bu haqda «Fontanka.ru» nashri o‘tkazgan monitoring natijalariga tayanib, xabar berdi.

Jurnalistlar «Yandeks Taksi» orqali bir xil yo‘nalishlarda safar narxlarini taqqoslaganda, ayrim yo‘nalishlarda farq 3,2 foizdan 32,5 foizgacha bo‘lgan. Masalan, Primorskiy tumaniga borish 761 rubl o‘rniga 1009 rublni tashkil etgan. Bu orada ayrim foydalanuvchilar ilovada Haydovchilar yetarli emas degan ogohlantirish xabarini olishgan.

«Yandeks Taksi» ma’muriyati ma’lum qilishicha, yangi taqiq sabab shaharda faol haydovchilar soni 12 foizga kamayadi. Bu 4 mingdan ortiq kishi ish joyini yo‘qotishi mumkin degani. Mutaxassislar esa bu holat shundoq ham kadrlar tanqisligi mavjud sohada narxlarning oshishiga va xizmat sifati pasayishiga olib kelishini qayd etmoqda.

Avgust oyida shahar gubernatori Aleksandr Beglov tomonidan imzolangan qarorga muvofiq, Peterburgda migrantlarning taksi va kuryerlik xizmatlarida ishlashiga ruxsat berilmaydi.

Rasmiylar bu chora norasmiy bandlikka qarshi kurashish, xizmat xavfsizligini oshirish hamda talabalarni ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida kiritilganini ta’kidlashgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan migrantlar uchun imtiyozli sug‘urta tariflari joriy etilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek