Shifokorlar haligacha aholiga antibiotiklarni pala-partish qo‘llab kelmoqda — prezident

eʼlon qilindi
Prezident sohaning hozirgi holatini tanqid qildi
Shifokorlar haligacha aholiga antibiotiklarni pala-partish qo‘llab kelmoqda — prezident / Foto: depositphotos.com

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda sohaning hozirgi holatini aniq misollar bilan tahlil qildi.

Oxirgi besh yilda oshqozon kasalliklari umumiy respublika bo‘yicha kamaygan bo‘lsa-da, Qashqadaryo va Navoiy hududlarida deyarli o‘zgarish kuzatilmagan. Yakkabog‘da shifokorlarga bo‘lgan murojaatlarning 33 foizi, G‘uzorda 29 foizi, Koson va Mirishkorda esa 25 foizi oshqozon-ichak kasalliklari bilan bog‘liq.

Shuningdek, yig‘ilishda shifokorlar aholiga, ayniqsa, bolalarga haligacha antibiotiklarni pala-partish qo‘llab kelayotgani tanqid qilindi. Tumanlarga tushib, shifoxona va poliklinikadagi vrachlarga qaysi dori mumkin, qaysi biri mumkin emasligini o‘rgatish ishlari sustligi ham qayd etildi.

Boshqa bir holatda buyrak kasalliklarining ulushi Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida respublika ko‘rsatkichidan 40–50 foizga yuqori. Ushbu hududlarda kasalliklar kamaymayotgani tufayli davlat rahbari Urologiya va Nefrologiya markazlari rahbariyatini bu borada aniq choralar ko‘rishga chaqirdi.

Hududlarda tibbiyot markazlari samaradorligi pastligi tanqid qilindi

Uchrashuvda Qarshi shahri, Angor va Bo‘ston tumanlarida yurak-qon tomir kasalliklari yuqori bo‘lishiga qaramay, Kardiologiya markazi bu borada aniq chora-tadbirlar belgilamaganligi tanqid qilindi. Unga uch yil oldin $5 millionga olib berilgan zamonaviy laboratoriya va simulyatsiya uskunalari bir kun ham ishlatilmagani qayd etildi.

Endokrin kasalliklar uchun har yili 100 milliard so‘m ajratilsa-da, qalqonsimon bez kasalligi Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Surxondaryo va Jizzaxda yuqoriligicha qolmoqda. Endokrinologiya markazi xizmat narxini bir yilda 35 foizga oshirgan, lekin kasalliklarni profilaktika qilish bo‘yicha ish olib bormayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, xususiy klinikalar davlat shifoxonalari bilan teng darajada rivojlanib, ayrim yuqori texnologik xizmatlarda oldinga o‘tgan. Masalan, jarrohlikda robot texnologiyalari xususiy sektor orqali joriy qilinsa, Neyroxirurgiya va Xirurgiya markazlarining robot yordamida operatsiyalarni qachon yo‘lga qo‘yishi bo‘yicha rejasi yo‘qligi qayd etildi.

Avvalroq prezident farmoni bilan 2026-yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi joriy qilinishi belgilangandi.

Shuningdek