
Zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalarni tashkil qilish uchun tadbirkorlarga $200 millionlik resurs ajratiladi. Bu haqda davlat rahbari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur mablag‘ 2026-yildan boshlab 7 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan 17 foiz stavkada taqdim etiladi.
Bundan tashqari, 2026-yildan boshlab xususiy sektorlar uchun uskuna, jihoz va tez yordam mashinalari olib kirish bo‘yicha imtiyoz 3 yilga uzaytiriladi. Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalariga berilgan QQS qaytarish imtiyozi xususiy tibbiyot tashkilotlariga ham qo‘llanadi.
Tibbiyot markazlaridagi xizmat narxlari qayta ko‘rib chiqiladi
Davlat rahbari xususiy klinikalardagi ko‘plab xizmatlar respublika markazlaridagi narxlardan arzon ekani ta’kidlandi. Shu bois mutasaddilarga markazlar narxlarini adolat nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Agar xuddi shu xizmat xususiy klinikada sifatli va arzon bo‘lsa, tibbiy sug‘urta mablag‘larini ularga to‘lash mexanizmi joriy etiladi.
Avvalroq tibbiyot rahbarlarini rag‘batlantirish tizimi yangilanishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, kasalliklarning oldini olish, bemorlarni hududning o‘zida davolash, dori berishni tartibga solish, yaxshi kadrlarni jalb qilish va muntazam o‘qitish, sifatli servis yaratish, raqamlashtirishni to‘liq joriy etgan eng yaxshi viloyat va tuman rahbarlari hamda oilaviy poliklinika mudirlari mukofotlanadi.