Yangiliklar

Tibbiyot rahbarlarini rag‘batlantirish tizimi yangilanadi

Ular rahbarlik qilayotgan shifoxona va poliklinikaning infratuzilmasini yaxshilash uchun 500 million so‘m ajratiladi
Tibbiyot rahbarlarini rag‘batlantirish tizimi yangilanadi / Foto: ijtimoiy tarmoq

Sog‘liqni saqlash tizimida samarali ishlayotgan rahbarlar endi yangi tartib asosida rag‘batlantiriladi. Bu haqda prezidentning tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, kasalliklarning oldini olish, bemorlarni hududning o‘zida davolash, dori berishni tartibga solish, yaxshi kadrlarni jalb qilish va muntazam o‘qitish, sifatli servis yaratish, raqamlashtirishni to‘liq joriy etgan eng yaxshi viloyat va tuman rahbarlari hamda oilaviy poliklinika mudirlari mukofotlanadi.

Ularga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi» unvoni, orden va medallar hamda 30 million so‘mgacha pul mukofoti beriladi. Shuningdek, ular rahbarlik qilayotgan shifoxona va poliklinikaning infratuzilmasini yaxshilash uchun 500 million so‘m ajratiladi.

Har bir viloyatdan eng yaxshi ikki nafar tuman rahbari va poliklinika mudiri AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya va Turkiya kabi ilg‘or tibbiyotga ega davlatlarga menejerlik bo‘yicha o‘qishga yuboriladi.

Bu tanlov 26 ta ixtisoslashgan markazlar uchun ham joriy etiladi. Eng ilg‘or usullarni tatbiq qilgan, chet el bilan hamkorlikni rivojlantirgan, zamonaviy laboratoriya va uskunalarni joriy qilgan rahbarlar ham munosib taqdirlanadi.

Eslatib o‘tamiz, endilikda sog‘liqni saqlash rahbarlari kunlik qabulini mahallalarda o‘tkazadi. Bundan tashqari, tuman va viloyat bosh shifokorlari respublika markazlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan, integratsiyalashgan tizim joriy qilinadi.