
Endi viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari bir oylik reja asosida ishlaydi. Bu haqda prezident ishtirokidagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda qayd etildi.
Respublika onkologiya markazi rahbari almashtirildi va o‘rniga Turkiyadan malakali boshqaruvchi tayinlandi. Markazga Fransiyaning mashhur «Gustav Russi» klinikasi jalb qilindi. Endi ularning xalqaro klinik protokollari tatbiq etiladi.
Prezident markazlar shaxsiy mulk emasligini aytib, rahbarlar bir yilga mo‘ljallangan aniq reja tuzishi kerakligini ta’kidladi. Har bir markaz uch oy ichida xorijiy hamkor topib, o‘zgarishlarni o‘zi boshlashi, aks holda bu ish davlat tomonidan amalga oshirilishi aytildi.
Viloyat va tuman tibbiyot rahbarlari hamon eski uslubda ishlayotgani qayd etildi. Hududlarga katta mehnat bilan yetkazilgan uskunalar to‘liq quvvatda ishlatilmayapti. Ba’zi apparatlar hatto ochilmagan.
Gurlan tumani shifoxonasiga o‘rnatilgan $300 minglik MSKT atigi 9 foiz yuklama bilan ishlamoqda. Navoiy viloyat shoshilinch markazidagi qariyb $1 mlnlik angiograf esa 4 foiz quvvatda. Rahbarlar xususiy klinikalarda uskunalardan qanday samarali foydalanilayotganini o‘rganishi kerakligi aytildi.
Prezident odamlarning talab va qarashlari o‘zgarganini, tibbiyotda ham sifatni oshirish bo‘yicha yangi vazifalar paydo bo‘lganini ta’kidladi. Noyabr-dekabrda tayyorgarlik ko‘rilib, yanvardan xalq bahosiga asoslangan tibbiyot tizimi joriy qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri shifokorlar haligacha aholiga antibiotiklarni pala-partish qo‘llab kelayotgani haqida yozgan edi.