
Sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi Adidas brendi 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etadigan 22 ta milliy terma jamoa uchun maxsus o‘yin formasini namoyish etdi. Bu haqda Hypebeast nashri xabar berdi.

Ular orasida Argentina, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Ispaniya, Uels va brend bilan hamkorlik qiluvchi boshqa terma jamoalar bor.
Yangi kolleksiya dizayni har bir mamlakatning milliy ranglari, madaniy ramzlari va tarixiy an’analarini zamonaviy vizual uslublar bilan uyg‘unlashtirgan. Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, yangi forma turli avlod futbol ishqibozlarini birlashtirish maqsadida yaratilgan.

Formalar Climacool+ texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, u o‘yin vaqtida tanadan namlikni chiqaradi va maksimal darajada havo o‘tkazuvchanlikni ta’minlaydi. Shuningdek, kiyimda uchta perforatsiyali chiziq mavjud bo‘lib, ular harakat paytida qulaylikni oshiradi.

Yangi dizayn elementlaridan yana biri, linzali termoapplikatsiya yordamida tikilgan emblema bo‘lib, u formaga yanada premium ko‘rinish beradi.

Home Kit kolleksiyasidagi ushbu formalar narxi $110 dan $180 gacha boradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «JCh – 2026» chiptalari narxi e’lon qilingani haqida yozgandi.