AQShda shatdaun sabab ko‘plab aviaparvozlar bekor bo‘lmoqda

AQShda tarixdagi eng uzoq davom etgan hukumat shatdauni fonida mamlakat boʻylab aviaqatnovlar keskin qisqardi. Bu haqda CNBC nashri ma’lum qildi.
Nashr ma’lumotlariga koʻra, 10-noyabr kuni 25 735 ta rejalashtirilgan parvozdan 1 623 tasi bekor qilindi. O‘tgan dam olish kunlarida esa 18 576 ta kechikish va 4 519 ta bekor qilinish holatlari qayd etilgan.
Donald Tramp ishga kelmagan aviadispetcherlar maoshlarini kamaytirishini ma’lum qildi. Prezident Truth Social orqali xabarida barcha dispetcherlar darhol ishga qaytishi shartligini aytdi va majburiyatini bajarmaganlarga jiddiy maosh qisqarishi tahdidi bilan murojaat qildi. Shu bilan birga, ishni davom ettirgan dispetcherlarga $10 ming mukofot berishni tavsiya etishini bildirdi.
Shatdaun tufayli dispetcherlar ketma-ket ikki oy toʻliq maosh ololmayapti. AQSh transport vaziri Shaun Daffining aytishicha, moliyaviy bosim kuchaygani sabab ayrim xodimlar qoʻshimcha ish izlashga majbur boʻlgan, kasallik ta’tiliga chiqish holatlari ham oshgan. Assotsiatsiya rahbari Nick Daniels bu vaziyat xavfsizlikka salbiy ta’sir koʻrsatishini ta’kidladi.
FAA 40 yirik aeroportda ichki reyslar sonini qisqartirish boʻyicha koʻrsatma berdi. 7-noyabrdan boshlab parvozlar 4 foizga kamaygan boʻlsa, bu koʻrsatkich 11-noyabrga kelib 6 foizga, 14-noyabrgacha esa 10 foizga yetishi kutilmoqda. Xususiy aviatsiya ham cheklovlar ostida: ayrim aeroportlarda ularning parvozlari vaqtincha toʻxtatilmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, hukumat shatdauni tugagan taqdirda ham parvozlar darhol tiklanmaydi. Reyslarni qayta rejalashtirish, chipta sotuvi i ekipajlar joylashtirilishi vaqt talab qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda tarixdagi eng uzoq shatdaun yakuniga yetayotgani haqida yozgan edik.