Avto

Chevrolet Cobalt avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari qanday

Cobalt 1,5 litrli benzinli dvigatel bilan jihozlangan
Chevrolet Cobalt
Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Cobalt eng ommabop avtomobilligicha qolmoqda. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Cobalt avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari haqida so‘z boradi.

Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Avtomobil haqida qisqacha

Cobalt 1,5 litrli benzinli dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, maksimal 106 ot kuchini beradi. Transmissiya ikki ko‘rinishda taklif etiladi — 5 pog‘onali mexanik yoki 6 pog‘onali avtomatik uzatma. O‘rtacha yoqilg‘i sarfi 7,3 litr atrofida, bu uni kundalik foydalanishda tejamkor variantga aylantiradi.

Foto: Ahmad Muhammodov / Kursiv Uzbekistan

Modelning amaliy jihatlaridan biri — 563 litrli katta bagaj bo‘limi, bu segment uchun eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Salon ergonomik va sodda ko‘rinishga ega, kundalik foydalanish uchun qulayliklar yetarli.

Cobalt yevropa standartlaridagi B-segmentga mansub bo‘lib, old g‘ildirakdan tortuvchi platforma, minimal texnik xizmat xarajatlari va o‘zini ko‘p yillardan beri oqlagan agregatlar bilan tanilgan. Dizayni sodda bo‘lsa-da, kundalik hayot uchun amaliy va ishonchli model sifatida baholanadi. Modelning boshlang‘ich narxi 146 455 000 so‘mdan boshlanadi.

Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Uning xavfsizlik tizimi qanday?

Chevrolet Cobalt 2020-yildan keyingi versiyalari uchun Euro NCAP yoki Latin NCAP kabi xalqaro tashkilotlarning rasmiy baholari mavjud emas. Model Yevropa yoki AQSh bozorlarida sotilmagani uchun mustaqil yulduzli reytinglar bilan sinovdan o‘tmagan. Shunga qaramay, ishlab chiqaruvchi so‘nggi yillarda bir qator texnik yangilanishlarni joriy etgan. 2025-yilgi Cobalt’da dvigatel boshqaruvi, ABS tizimi, havo yostiqchalari moduli va boshqa xavfsizlik bloklari modernizatsiya qilinganini e’lon qilgan.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Rasmiy crash-testlar bo‘lmagani sababli avtomobilning old, yon yoki orqa to‘qnashuvlardagi aniq himoya darajasi ochiq qolmoqda. Konstruksiyada yuqori mustahkam po‘lat elementlar qo‘llangani, eshik va ustunlarda qo‘shimcha panel o‘rnatilgani aytiladi. Standart konfiguratsiyada haydovchi va old yo‘lovchi uchun frontal havo yostiqchalari bor, ammo yon havo yostiqchalari taqdim etilmagan. Bu esa yon zarbalardagi himoyani cheklab qo‘yishi mumkin.

Xavfsizlik jihozlari qanday?

Foto: Kursiv Uzbekistan

Faol va passiv xavfsizlik jihozlariga kelsak, Cobalt minimal standartlarni qondiradi. Ikki frontal havo yostiqchasi, ABS va EBD tizimi mavjud. Yangi versiyada g‘ildiraklarning sirpanishini kamaytiruvchi traction control joriy etilgani ma’lum. Barqarorlik nazorati tizimi (ESC) esa hali qo‘shilmagan. Old o‘rindiq xavfsizlik kamarlarida pretensionerlar mavjud, old oynada laminatsiyalangan shisha qo‘llangan.

Modelning afzalligi uning oddiy konstruktsiyasi, arzonligi va xizmat ko‘rsatishdagi qulayligidir. Og‘irligi kichik segmentdagi Spark’dan yuqoriroq bo‘lgani uchun ayrim vaziyatlarda barqarorroq bo‘lishi mumkin. Ammo zamonaviy raqobatchilar fonida xavfsizlik bo‘yicha jiddiy kamchiliklari bor: yon havo yostiqchalari, tizza yostig‘i va to‘liq elektron barqarorlik nazorati mavjud emas.

Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Umuman olganda, Cobalt minimal xavfsizlik talablariga javob beradi, ammo zamonaviy standartlardan ancha ortda. Foydalanuvchilar orasida u arzon va ishonchli xalq mashinasi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, xavfsizlik borasida yuqori darajaga da’vogarlik qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt avtomobilini qanday yaxshilash mumkinligi haqida yozgan edi.