Filippinda «Fung-Vong» to‘fonidan halok bo‘lganlar soni 18 nafarga yetdi

9-noyabr kuni Filippindagi «Fung-Vong» to‘foni oqibatida halok bo‘lganlar soni 8 nafardan 18 nafarga oshdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, yana 28 kishi jarohatlangan, ikki kishi bedarak yo‘qolgan. Qurbonlarning aksariyati ko‘chkilardan vafot etgan. Tabiiy ofat sabab mamlakat bo‘ylab 1,4 milliondan ortiq fuqarolar xavfsiz joylarga ko‘chirildi. Kuchli shamol elektr tarmoqlarini shikastladi, natijada 12 ta hududda qariyb 3 million odam elektrsiz qoldi.
«Fung-Vong» to‘foni mintaqada so‘nggi yillarda kuzatilgan eng kuchli tropik siklonlardan biri sifatida qayd etilmoqda. Hukumat favqulodda yordam kuchlarini jalb qilib, tiklash ishlarini boshlab yubordi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Filippindagi «Kalmaegi» to‘foni qurbonlari soni 200 nafarga yaqinlashgani haqida xabar bergan edi.