
Huawei Xitoyda eng yupqa Huawei Mate 70 Air smartfonining savdosini boshladi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Modelning boshlang‘ich narxi $575 etib belgilangan. U uch rangda va to‘rtta xotira konfiguratsiyasida taqdim etildi.
Qalinligi 6,6 mm bo‘lgan qurilma 208 gramm og‘irlikka ega. Smartfon 7 dyuym OLED ekranga ega. Ekran 2760×1320 piksel aniqlikda ishlaydi. Yangilanish tezligi 60/90/120 Hz bo‘ladi. Pikoviy yorqinlik 4000 nitga yetadi.

Mate 70 Air ikki turdagi protsessor bilan taqdim etilgan. 12 GB operativ xotirali versiyalar Kirin 9020B’da, 16 GB li modellari esa Kirin 9020A’da ishlaydi.
Ichida 6500 mA/soat quvvatga ega katta akkumulyator bor. U 66 Vt tezkor zaryadni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmada Beidou ikki yo‘nalishli sun’iy yo‘ldosh aloqasi, IP68/IP69 himoyasi va stereo dinamiklar mavjud.
Orqa qismida 50 MP asosiy kamera joylashgan. Sensor 1/1,3 dyuym o‘lchamda, diafragma F1.8 va optik stabilizatsiya bor. Qo‘shimcha ravishda 12 MP teleobyektiv va 8 MP ultra-keng makro kamera o‘rnatilgan. Old kamera 10,7 MP keng ko‘rinishli moduldan iborat.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Huawei Mate X7 bukiluvchi smartfoni haqida yozgan edi.