
iPhone Air sotuvi past bo‘lgani bois Apple Air 2 rejasini to‘xtatdi. The Information xabariga ko‘ra, Apple xodimlar va yetkazib beruvchilarga Air 2 bo‘yicha avvalgi reja bekor qilingani haqida ma’lum qilgan, lekin kompaniya yangi muddatni e’lon qilmagan.
Air 2 dastlab 2026-yil sentabrida iPhone 18 Pro va iPhone Fold bilan birga taqdim etilishi kerak edi. Qurilma hozirgi iPhone Air’dan yengilroq bo‘lishi, kattaroq batareya va ikki kameraga ega bo‘lishi rejalashtirilgan. Apple, shuningdek, Air 2 uchun bug‘i bilan sovitish tizimi ustida ham ishlagan.
Loyihadan to‘liq voz kechilgani yo‘q. Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple uni bir necha yildan so‘ng qayta ko‘rib chiqishi mumkin, ammo bu vaqt ichida model butunlay yopilishi ehtimoli ham mavjud.
Asosiy muammo — savdo pastligi. Air sotuvi Apple kutganidan ham past bo‘lib chiqdi. Modelni Foxconn va Luxshare yig‘ib kelgan edi. Luxshare yig‘ishni oktabrda to‘xtatdi, endi Foxconn ham aksar liniyalarda Air ishlab chiqarishni to‘xtatdi va oy oxiriga borib butunlay yakunlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Apple yangi iPhone Air’ga qo‘shimcha kamera qo‘shishi mumkinligi haqida yozgan edi.