Sport

Joze Mourinyo Turkiyani 864 ming dollar qarz bilan tark etgan

Foto: kontraspor.com

Portugaliyalik taniqli murabbiy Joze Mourinyo «Fenerbahche»ni boshqargan paytda Istanbuldagi hashamatli Four Seasons mehmonxonasida 15 oy davomida istiqomat qilgan, lekin bu muddat uchun to‘lov amalga oshirilmagan. Bu haqda qator mahalliy nashrlar xabar bermoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Mourinyoning yashash xarajatlari $864 mingga teng. Ayni damda bu qarzni kim qoplashi noma’lumligicha qolmoqda. Shu bilan birga, murabbiy hali ham «Fenerbahche» bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilgani uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan 15 million yevro miqdoridagi kompensatsiyani olmagan.

Eslatib o‘tamiz, Mourinyo 29-avgust kuni Istanbul klubidagi faoliyatini yakunlagan edi. U 2024/25-yilgi mavsum boshidan jamoani boshqargan va yiliga 15 mln yevro atrofida maosh olgan. Hozirda esa portugaliyalik mutaxassis Lissabonning «Benfika» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Ma’lumot uchun, u «Real Madrid», «Chelsi», «Inter», «Portu», «Tottenhem» hamda «Roma» kabi yirik klublarda ishlagan va faoliyati davomida bir qator nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Joze Mourinyo «Benfika» bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.