Kino va seriallar

Kinotavsiya: «Havaskor» filmi nima haqda

Film «oddiy insonning murakkab tizimga qarshi chiqishi» g‘oyasiga asoslangan kuchli dramatik triller
Kinotavsiya: «Havaskor» filmi nima haqda
Kinotavsiya: «Havaskor» filmi nima haqda / Foto: ijtimoiy tarmoq

Bugun moliya mavzusidan chetlanib, siyosiy fitnalar va shaxsiy manfaatlar to‘qnashgan xavfli o‘yinlar olamiga nazar tashlaymiz. Kursiv Uzbekistan bugun kechga sizga hayajon va tafakkur uyg‘otuvchi «Havaskor» (The Amateur) filmini tavsiya etadi.

2025-yilda ekranlarga chiqqan ushbu shpionlik trilleri taniqli rejissyor Jeyms Houz tomonidan suratga olingan. Film markazida amerikalik maxfiy xizmat xodimi – kriptograf va kod yechuvchi Charlz Heller obrazi turadi. U rolni Rami Malek ijro etgan. Film «oddiy insonning murakkab tizimga qarshi chiqishi» g‘oyasiga asoslangan kuchli dramatik triller.

Voqealar ketma-ketligida Charlz Londonda yashovchi rafiqasini terror hujumida yo‘qotadi. Rasmiylar bu ishni yopishga urinadi, biroq u o‘z tashkilotiga ishonchini yo‘qotib, aybdorlarni topish uchun mustaqil harakat boshlaydi. Shundan so‘ng film shiddatli quvishlar, maxfiy operatsiyalar va aql o‘yinlariga boy sahnalar orqali davom etadi.

The Amateur | Official Trailer

Filmda Lorens Fishbyorn, Reychel Brosnahen va Katrina Balf kabi mashhur aktyorlar ham ishtirok etgan. Ular qahramonning yo‘lida turli siyosiy va shaxsiy manfaatlar o‘rtasida murakkab qarama-qarshiliklar yaratadi.

Vizual jihatdan film zamonaviy texnologiyalar, shifrlangan xabarlar, kuzatuv tizimlari va yuksak darajadagi maxfiylik atmosferasi bilan ajralib turadi. «Havaskor» tomoshabinga adolat uchun kurash, tizimga qarshi chiqish, shaxsiy yo‘qotishlar va insoniy jasorat mavzularini chuqur ochib beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Qozonxona» filmi haqida ma’lumot bergandi