
Rossiyaning Lukoil kompaniyasi Iroqdagi West Qurna-2 neft konida «fors-major» holatini e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Reuters’ga ko‘ra, Lukoil Iroq neft vazirligiga rasmiy xat yuborib, «fors-major» sababli kon faoliyatini davom ettira olmasligini bildirgan. Uning xorijdagi aktivlarini Shveysariyaning Gunvor kompaniyasiga sotish urinishlari ham AQSh Moliya departamenti noroziligi sababli muvaffaqiyatsiz tugagan.
West Qurna-2 Basra portidan 65 km shimoli-g‘arbda joylashgan, Iroqning jami neft ishlab chiqarishining qariyb 9 foizini tashkil etadi va hozirda kuniga 480 ming barrel neft chiqaradi. Agar «fors-major» sabablarini olti oy ichida bartaraf etish imkoni bo‘lmasa, Lukoil loyihani tark etishi mumkin.
Sanksiyalar tufayli Iroq davlat neft kompaniyasi SOMO Lukoil ulushidagi uchta neft partiyasini yuklashni bekor qilgan va kompaniyaga barcha naqd va xom neft to‘lovlarini to‘xtatgan. Shu sababli noyabr oyida ajratilgan 4 mln barrel neft ham bekor qilindi.
Lukoil «fors-major» e’lon qilgan holda shartnomadagi majburiyatlarni bajarmaganlik uchun jarimadan himoyalanishni ko‘zlamoqda. Kompaniya barcha rus bo‘lmagan xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan, hozir faqat rossiyalik va iroqlik xodimlar ishlamoqda.
Shu bilan bir paytda, Bolgariya hukumati ham kompaniyaning Burgas neftni qayta ishlash zavodini musodara qilishga tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gunvor AQSh bosimi sababli «Lukoil» aktivlarini sotib olmasligi haqida yozgan edik.