O‘zbekiston va AQSh viza tartibini soddalashtirish masalasini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston va AQSh fuqarolar hamda biznes vakillari uchun viza rejimini soddalashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yaqinda Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida 22 ta Boeing 787–9 Dreamliner samolyotini yetkazib berish bo‘yicha imzolangan shartnoma ikki mamlakat o‘rtasidagi aviatsiya hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Shuningdek, u yangi samolyotlar parvozlar geografiyasini kengaytirib, AQSh shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish imkonini berishini ta’kidladi. Bu esa o‘z navbatida turizm va biznes aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
«Yaqinda amerikaliklar uchun vizasiz tartib joriy etilganini inobatga olib, endilikda fuqarolarimiz va biznes uchun ham viza tartibini soddalashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda», — dedi Choriyev.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Green Card’ga ariza topshirish muddati o‘zgargani haqida yozgandi.