O‘zbekistonda tadbirkorlarning yarmi biznesini ijobiy baholamoqda

eʼlon qilindi
Biznes muhiti indeksi 55 bandga yetgan
tashkent
Foto: Mirobod tumani hokimligi

O‘zbekistonda tadbirkorlik faolligi o‘sishda davom etmoqda va biznes muhiti indeksi 55 bandga yetgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 bandga yuqori natija hisoblanadi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yil oktabr oyi uchun biznes muhiti tahlilini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi biznes muhiti dinamikasi 2023-yildan boshlab Trading Economics portalida muntazam ravishda yangilanib borilmoqda.

Oktabr oyida o‘sish barcha iqtisodiy tarmoqlarda qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligi sohasida indeks 61 bandga, sanoatda 46 bandga, qurilishda 58 bandga, xizmatlar sohasida esa 57 bandga yetgan. Tahlil natijalari joriy biznes sharoiti kutilganidan tezroq yaxshilanayotganini ko‘rsatdi. Joriy holat indeksi 22 bandga oshib 55 bandni, kelgusi davr uchun kutish indeksi esa 4 bandga ko‘tarilib 56 bandni tashkil etdi. Eng katta o‘sish xizmatlar sektorida qayd etilgan.

Yaqin uch oy uchun prognozlar ham ijobiyligicha qolmoqda. Soha kesimida qishloq xo‘jaligida 62 band, sanoatda 46 band, qurilishda 59 band va xizmatlar sohasida 57 band darajasida barqaror o‘sish kutilmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlarning yarmi o‘z biznesining joriy holatini «yaxshi» deb baholagan. O‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 38 foiz edi. So‘nggi uch oy ichida faoliyat yaxshilanganini bildirgan korxonalar ulushi 42 foizga yetgan. Tadbirkorlarning yarmiga yaqini talab oshganini qayd etgan, bu esa o‘tgan yilgi 35 foizlik natijadan ancha yuqori.

Biznes muhiti indeksi mamlakatdagi mingdan ortiq korxonalar rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida hisoblangan. Tadqiqot Germaniyaning IFO instituti metodologiyasi asosida amalga oshirilgan.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston biznes muhiti indeksi besh pog‘ona yuqorilagani haqida yozgandi.

Shuningdek