Rossiyada 2026-yildan import qilinadigan texnikalarga soliq joriy etiladi

eʼlon qilindi
Yig‘imdan tushgan mablag‘lar radio va mikroelektronika sohasiga yo‘naltiriladi
Foto: tass.ru

Rossiya hukumati sanoat siyosati to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritib, 2026-yildan texnologik yig‘im tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakatning qator nashrlari xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, yig‘imdan tushgan mablag‘lar mamlakatda radioelektronika va mikroelektronika sohasini rivojlantirish uchun ishlatiladi. Yig‘imni to‘lovchilar qatoriga ham importyorlar, ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar kiradi. Ular ishlab chiqarish darajasidan qat’i nazar to‘lovni amalga oshiradi. Texnologik yig‘im avvaliga ichki ishlab chiqaruvchilarning ulushi past bo‘lgan mahsulot turlari uchun qo‘llaniladi.

Mahsulotlar ro‘yxatini hukumat bosqichma-bosqich tasdiqlaydi, dastlab yig‘im faqat tayyor mahsulotlarga tatbiq etiladi. Har bir mahsulot uchun alohida stavka belgilanadi, biroq eng qimmat mahsulotlar uchun yig‘im 5000 rubldan oshmaydi. Yangi tizimning maqsadi ishlab chiqaruvchilar va importyorlar uchun ortiqcha yuk yaratmaslikdir.

Qonun kuchga kirgach, yig‘im mexanizmini sanoat va savdo vazirligi boshqaradi, yig‘im operatori esa keyinroq hukumat tomonidan belgilanadi. Hozirda Rossiya sanoat mahsulotlari reyestriga 36 800 turdagi radioelektronika mahsulotlari kiritilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 26 foiz ko‘pdir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sankt-Peterburgda migrantlarga taqiqdan so‘ng taksi narxlari keskin oshgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek