Toshkent parklarida 39 ta attraksion ruxsatsiz ishlayotgani ma’lum bo‘ldi

eʼlon qilindi
Shahar attraksionlari va liftlarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi
Foto: Pexels.com

Poytaxtning 17 parkida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar davomida attraksionlar bo‘yicha jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 45 ta qurilmaning texnik pasporti yo‘qligi, 23 tasida ekspluatatsiya uchun mas’ul xodim tayinlanmagani va 39 tasining mavsumiy ruxsatsiz ishlayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tekshiruvlar 8-sentabr kuni Dombirobod City turar joy majmuasidagi fojiali hodisadan so‘ng kuchaytirildi. Qurilish jarayonida kran qulab tushib, bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi og‘ir tan jarohati olgandi. Shundan so‘ng poytaxtda xavfsizlik standartlariga rioya etilishini tekshirish bo‘yicha qat’iy choralar belgilandi.

Nazorat ko‘lami faqat parklar bilan cheklanib qolmadi. Toshkentdagi ko‘p qavatli uylar liftlarida o‘tkazilgan ko‘rik natijasida 9 147 ta lift bo‘yicha jami 37 103 ta nosozlik qayd etildi. Barcha ma’lumotlar «Xavfsiz lift» elektron tizimiga kiritildi.

2026-yil 1-iyuldan liftlarning texnik holatini aholi uchun ochiq tarzda ko‘rsatib boruvchi yangi tartib kuchga kiradi. Lift kabinalariga to‘rtta rangdagi maxsus stikerlar yopishtiriladi:

Yashil — to‘liq soz;
Ko‘k — xizmat ko‘rsatish talab etiladi;
Sariq — nosoz;
Qizil — foydalanish uchun xavfli.

Texnik talabga javob bermaydigan liftlardan foydalanish qat’iyan man etiladi. Ayni paytda shaharda 6 844 ta lift «Texnik ko‘rikdan o‘tmagan» yorlig‘i bilan belgilangan.

So‘nggi yillarda attraksionlar bilan bog‘liq bir qator hodisalar kuzatilgan: «Anxor-Lokomotiv» parkida mehmonlar balandlikda qolib ketgan, Jizzaxda 17 yoshli yigit harakatlanayotgan attraksiondan yiqilgan, 2024-yil iyul oyida Namanganda karusel nosozligi oqibatida to‘rt kishi jarohatlangan. Termizda esa «Veselye gorki» attraksionida to‘rt kishi yiqilib tushgan.

2024-yil dekabrida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan attraksionlar xavfsizligiga doir texnik reglament hamda ularning davlat reeystrini yuritish tartibi tasdiqlangan edi. Bu talablar 2026-yildan boshlab to‘liq kuchga kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan parklardagi nosoz attraksionlar ustidan onlayn shikoyat qilish imkoni yaratilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek