
Qatarda davom etayotgan U-17 Jahon chempionatining J guruhi hal qiluvchi uchinchi turida O‘zbekiston terma jamoasi Panama bilan bahs olib bordi. Uchrashuvda vakillarimiz ishonchli g‘alabaga erishdi.
Uchrashuvning birinchi taymning 21-daqiqasida darvozamiz tomon 11 metrlik jarima to‘pi belgilandi. Darvozabon Ibrohim Shokirov esa penaltini qaytarib, darvoza daxlsizligini saqlab qoldi. Birinchi taymda hisob ochilmadi.

Ikkinchi taymning 47-daqiqasida Abubakir Shukurulloyev qanotdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llab, hisobni ochdi. 53-daqiqada esa Sadriddin Hasanov o‘ng qanotdan uzatilgan to‘pni oyog‘i bilan darvozaga yo‘lladi. Sayfiddin Sodiqov 68-daqiqada uchinchi golni kiritdi.

Uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Jamshid Rustamov, Asilbek Aliyev va Abdusamad Saidovlar o‘z hisobiga bittadan gol yozib qo‘yishdi. O‘yin so‘ngida Panama hisobni bittaga qisqartirdi. Yakuniy hisob 6:1. Bu natija O‘zbekiston terma jamoasiga 2-o‘rin bilan pley-off bosqichiga yo‘l olish imkonini berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahon chempionatining 2-turida O‘zbekiston Irlandiyaga mag‘lub bo‘lgani haqida xabar bergan edi.