
8-noyabr kuni Xitoy ikki orbital uchishni amalga oshirdi va yillik umumiy uchishlar sonini 70 ga yetkazdi. Bu haqda Payload Space ma’lum qildi.
CASC kompaniyasi Long March 11 raketasi orqali Shiyan-32 sun’iy yo‘ldoshlarini orbitaga chiqardi, xususiy CAS Space esa Chutian-2 tajribaviy apparatlarini past orbitaga uchirdi. Bu natija Xitoyga 2024-yilgi rekordini (68 ta muvaffaqiyatli uchish) yangilash imkonini berdi.
Shunga qaramay, AQSh hali ham bu borada yetakchilik qilmoqda: noyabr boshigacha u yerda 160 dan ortiq orbital uchish amalga oshirilgan, ulardan 140 dan ortig‘i SpaceX raketalari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Jahon miqyosida 2025-yil orbital uchishlar soni bo‘yicha tarixiy rekordga tenglashdi: yil davomida 266 urinishdan 258 raketa muvaffaqiyatli orbitaga chiqqan. Bu orbital guruhlamalarning kengayishi, kosmosga kirish narxining arzonlashishi va xususiy kompaniyalarning rolining oshishini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Xitoy fazoga bir kunda ikkita sun’iy yo‘ldosh uchirgan edi.