Gadjetlar

100 dollargacha bo‘lgan eng yaxshi Android smartfonlari

Ro‘yxatda NUU N10 va Xiaomi Redmi A5 4G modellarini ko‘rish mumkin
smartfonlar
100 dollargacha bo‘lgan eng yaxshi android smartfonlari qaysilar / Foto: Phone Arena

Bugungi kunda smartfonlarsiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Ammo hammada ham qimmat telefon sotib olish imkoniyati yo‘q. Arzon narxda ham sifatli, zamonaviy va ishonchli telefonlar topish mumkin. Quyidagi maqolada 100 dollargacha bo‘lgan eng yaxshi android smartfonlari haqida so‘z boradi.

NUU N10

NUU N10 $100 dan kam narxda taqdim etilayotgan eng kuchli Android smartfonlardan biridir. Uning 6,6 dyuymli HD+ ekrani 90 Hz yangilanish tezligiga ega. Bu imkoniyat ko‘rish tajribasini yanada qulay qiladi. Telefon Android 14 tizimida ishlaydi va Gemini funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ichki xotirasi 128 GB bo‘lib, bu narxdagi telefonlar orasida juda kam uchraydigan ko‘rsatkich. Bundan tashqari, microSD orqali xotirani kengaytirish imkoniyati ham mavjud.

Foto: NUU Mobile

NUU N10’da 13 MP asosiy kamera va 2 MP yordamchi linza o‘rnatilgan, old kamerasi esa 5 MP. Surat sifati yuqori darajada bo‘lmasa-da, ijtimoiy tarmoqlar uchun yetarli. 5000 mA/soat sig‘imli batareya esa bir kunda bemalol ishlatish imkonini beradi. Foydalanuvchilar eng ko‘p zero-bloat (keraksiz ilovalarsiz) interfeysini yoqtirishmoqda. Kamchiligi shundaki, telefon Verizon tarmog‘ida ishlamaydi, ammo AT&T va T-Mobile foydalanuvchilari uchun bu ideal variantdir.

Xiaomi Redmi A5 4G

Xitoy brendi Xiaomi har doim sifatli va arzon telefonlari bilan tanilgan. Redmi A5 4G ham shular jumlasidan. U Android 15 Go Edition tizimida ishlaydi. U uch yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini olish kafolatiga ega. Qurilma 6,88 dyuymli ekranga ega bo‘lib, 120 Hz yangilanish tezligi bilan ko‘plab qimmat telefonlarga raqobat qiladi.

Foto: Asaxiy

Telefonning 32 MP orqa va 8 MP old kamerasi bu narx uchun juda yaxshi natijalar beradi. Ichki xotira 64 yoki 128 GB bo‘lishi mumkin, uni 1 TB gacha kengaytirish imkoniyati ham mavjud. 5200 mA/soat sig‘imli katta batareya uzoq muddatli ishlashni ta’minlaydi. Redmi A5 4G AQShda rasmiy sotuvga chiqmagan, ammo T-Mobile, Mint yoki Tello SIM-kartalari bilan ishlaydi. Bu model dizayni, yengilligi va mustahkam korpusi bilan e’tiborga loyiq.

BLU G33

BLU G33 — $70 atrofidagi narxiga qaramay, o‘z sinfida ajralib turadi. Telefon Android 13 Go Edition tizimida ishlaydi va soddaligi bilan foydalanuvchilarni jalb etadi. Uning 6,26 dyuymli displeyi, barmoq izi datchigi va yuzni tanib ochish funksiyasi mavjud.

Foto: IMEI.org

BLU G33’da 5 MP asosiy kamera, 5 MP old kamera va 0,3 MP yordamchi linza bor. Bu natijalar oddiy suratlar uchun yetarli. Telefonning 3000 mA/soat batareyasi bir kunlik foydalanish uchun mo‘ljallangan. Eng qiziqarli jihati — ishlab chiqaruvchi to‘liq to‘plamni taqdim etadi: silikon g‘ilof, ekran himoyasi, zaryadlovchi, kabel va hatto BLU stiker ham qutidan joy olgan. BLU G33 minimal budjetdagi foydalanuvchilar uchun ajoyib tanlov.

Cat S22 Flip

Cat S22 Flip soddalashtirilgan Android telefonidir. Bu model zamonaviy smartfonlardan farqli ravishda minimal funksiyalarga ega, ammo aynan shu jihati uni mashhur qilgan. Android 11 Go Edition tizimida ishlovchi telefon qo‘lda ishlatish uchun juda qulay.

Foto: Ochiq manbalar

U ikki ekranga ega: ichki 2,8 dyuymli sensorli displey va tashqi 1,44 dyuymli axborot oynasi. Qurilma suv va changdan himoyalangan. Harorat o‘zgarishlariga chidamli. 5 MP orqa kamera va 2 MP old kamera orqali oddiy suratlar olish mumkin. 2000 mA/soat batareya bilan u bir kun davomida ishlay oladi. Ish va shaxsiy hayotni ajratishni istaganlar uchun Cat S22 Flip ideal variantdir.

TCL 30 Z

TCL 30 Z — AQShdagi Verizon tarmog‘ida ishlaydigan eng arzon va ishonchli telefonlardan biri. U Android 12 tizimida ishlaydi. Model MediaTek Helio A22 protsessori bilan jihozlangan. 3 GB RAM va 32 GB xotira (512 GB gacha kengaytiriladi) bu narx oralig‘ida yaxshi ko‘rsatkichdir.

Foto: TCL

Displeyi 6,1 dyuym, HD+ aniqlikda, NXTVISION texnologiyasi esa ranglar tiniqligini oshiradi. 8 MP asosiy va 5 MP old kamera kundalik foydalanish uchun yetarli. 3000 mA/soat batareya uzoq muddatli ishlashni ta’minlaydi. Yagona kamchiligi — mikroUSB port, ammo umumiy ishlash sifati va Verizon mosligi bu nuqsonni oqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan oktabr oyining eng yaxshi smartfonlari reytingi e’lon qilingani haqida yozgan edi.