Bugungi kunda islohotlar soni emas, ularning sifati muhim: Mansurjon Rasulev

eʼlon qilindi
Islohotlarning dastlabki yillari tezkor qarorlar va tarkibiy o‘zgarishlar davri bo‘ldi
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda islohotlarning hozirgi sur’ati 2018-yildagidek keskin emas, ammo bu tabiiy jarayon. Mamlakat endi barqaror rivojlanish bosqichiga o‘tmoqda. Bu haqda Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Mansurjon Rasulev «O‘zbekiston va xalqaro aksiyadorlik kapital bozorlari 2025» konferensiyasida aytdi. Tadbir 12–13 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tmoqda.

Islohotlar endi «inqilob» emas, «evolyutsiya» yo‘lida

Rasulev ta’kidlashicha, 2017–2018-yillar mamlakat tarixida tezkor qarorlar va tub o‘zgarishlar davri bo‘lgan. Aynan o‘sha yillarda O‘zbekiston milliy valyuta bozorini liberallashtirdi, soliq tizimini isloh qildi va biznes uchun ko‘plab to‘siqlarni olib tashladi.

«2018-yildagi islohotlar sur’ati asta-sekin chuqur o’zgarishlar bosqichiga o’tmoqda. O‘sha paytda biz milliy valyuta bozorini erkinlashtirdik, soliq tizimini soddalashtirdik, biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratdik. Bunday inqilobiy qadamlar har yili takrorlanmaydi — endilikda biznes uchun barqarorlik va oldindan rejalashtirish imkoniyati muhim ahamiyat kasb etadi», — dedi Rasulev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat hozirda asosiy soliqlar — QQS va foyda solig‘i stavkalarini 2028-yilgacha o‘zgartirmaslik qarorini qabul qilgan. Bu investorlar uchun uzoq muddatli ishonch va barqarorlikni ta’minlaydi.

«Bugungi kunda islohotlar soni emas, ularning sifati muhim. O‘zbekiston orqaga qaytmaydigan nuqtadan o‘tdi va endi barqaror o‘sishga yo‘l olgan», — dedi u.

Kapital bozori jadal rivojlanmoqda

Konferensiyada «UzAssets» AJ boshqaruv kengashi raisi Bobur Abdinazarov ham so‘zga chiqib, o‘tgan ikki yil ichida o‘zbek kompaniyalari xalqaro kapital bozorlarida $3 milliarddan ortiq mablag‘ jalb qilganini qayd etdi.

«Olti kompaniya S&P reytingini, yettitasi esa ESG-bahosini oldi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, «O‘zbekneftgaz» va «Navoiyuran» o‘z obligatsiyalarini Londonda joylashtirdi. 2026-yilda esa ilk IPO’lar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan», — dedi u.

Abdinazarovning ta’kidlashicha, bu natijalar korporativ sektor islohotlarining izchil davom etayotganini va aniq samara berayotganini ko‘rsatadi.

Hukumat endi biznesni tinglayapti

Rasulevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi bosqichdagi islohotlarning muvaffaqiyati hukumat va xususiy sektor o‘rtasidagi doimiy muloqotga bog‘liq. Shu maqsadda prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi faoliyat yuritadi — bu platforma orqali tadbirkorlar o‘z muammolari va takliflarini to‘g‘ridan to‘g‘ri muhokama qilish imkoniyatiga ega.

«Biznesning fikrini eshitamiz va islohotlarni amaliy ehtiyojdan kelib chiqib amalga oshiramiz. Bu shunchaki ‘islohot uchun islohot’ emas, balki real hayotda zarur bo‘lgan qadamlar. Investorlarga aynan shu yo‘l yoqadi. Ilgari biznesda 20 ta muammo bo‘lsa, biz ularni hal qilganmiz. Masalan, endi beshta muammo qolgan bo‘lsa — ular ustida ishlayapmiz. Bu tabiiyki, islohotlar sur’atiga ham ta’sir qiladi», — deya qo‘shimcha qildi Rasulev.

Shuningdek