2026-yilda inflyatsiya yetti foizgacha tushiriladi — prezident

eʼlon qilindi
2027-yilda esa besh foiz atrofida ushlab turish rejalashtirildi
2026-yilda inflyatsiya yetti foizgacha tushiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyevga inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2026-yil uchun rejalashtirilgan vazifalar haqida ma’lumot berildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ichki bozorni to‘yintirish va narx oshishiga ta’sir qiluvchi omillarni kamaytirish natijasida barqaror iqtisodiy o‘sish saqlanib qolmoqda. Yillik inflyatsiya darajasi 2024-yilda 10,2 foizdan 2025-yilda 7,8 foizgacha pasaygan. 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 7 foizgacha tushirish, 2027-yilda esa 5 foiz atrofida ushlab turish rejalashtirilgan.

Kelgusi yilda banklar agrar tarmoq, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni faol moliyalashtiradi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘riladi.

Iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026-yilda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga 450 trln so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yil boshidan buyon tadbirkorlarga 116 trln so‘mlik kreditlar berilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘p.

Mahallabay yondashuv asosida 89 ming fuqaroning biznes loyihalari moliyalashtirildi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 100 ming nafarga yetkaziladi.

Mirziyoyev bank tizimi va moliya bozorida sog‘lom raqobatni kuchaytirish, aholi hamda tadbirkorlar uchun barqaror moliyaviy muhit yaratish zarurligini alohida ta’kidladi. Mutasaddilarga inflyatsiyani jilovlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Yangi Toshkentdagi zamonaviy futbol stadioni qurilishiga «start» bergan edi.

Shuningdek