Yangiliklar

AQSh va Venesuela o‘rtasidagi keskinlik kuchaymoqda — tafsilotlar

AQShning harbiy flot guruhi Karib dengiziga joylashtirildi
Foto: Getty Images

AQShning Gerald Ford aviatsiya tashuvchi kema boshchiligidagi flot guruhi Karib dengiziga joylashtirildi. Bu haqda AQSh harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligiga tayanib, BBC nashri ma’lum qildi.

Prezident Donald Tramp bu qarorni Venesueladan kelayotgan narkotrafikka qarshi kurash doirasida qabul qilganini bildirdi.

Tramp buyrug‘i va harbiy harakatlar

Pentagon Trampning bu farmonini 24-oktabr kuni e’lon qilgan edi. O‘sha paytda Gerald Ford guruhi Yevropa qirg‘oqlarida Shimoliy dengizda joylashgan edi. So‘nggi oylar davomida AQSh harbiy-dengiz kuchlari va aviatsiyasi Karib dengizi hamda Tinch okeanida narkotik tashuvchi kichik kemalarga qarshi kamida 19 marta zarba bergan. Ushbu hujumlar oqibatida 76 nafar odam halok bo‘lgan.

Venesuela AQShni inqiroz yaratishda aybladi

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQShni sun’iy inqiroz yaratish va mamlakat rahbariyatini ag‘darish istagida aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning harbiy bosimi hududiy xavfsizlik va suverenitetga tahdid soladi.

Gerald Ford guruhi Karib hududiga keldi

AQSh harbiylari ma’lum qilishicha, 11-noyabr kuni aviatsiya guruhi Janubiy qo‘mondonlik hududiga, ya’ni Karib dengizi va Lotin Amerikasi mamlakatlariga kirgan. Gerald Ford bortida o‘nlab jangovar samolyotlar joylashgan bo‘lib, ekipaji va texnik xodimlari bilan birga 4,5 ming kishidan ortiqni tashkil etadi. Kema raketa esminetslari, kreyserlar va qo‘shimcha harbiy kemalar tomonidan kuzatilmoqda.

Pentagon matbuot kotibi Shon Parnellning aytishicha, bu joylashtirish AQShga narkotrafikni samarali nazorat qilish va to‘xtatish imkonini beradi.

AQSh kuchlarini mintaqada kuchaytirmoqda

AQSh ilgariroq ham Venesuela atrofidagi harbiy mavjudligini oshirgandi. 10 ta F-35 qiruvchi samolyoti Puerto-Rikoga joylashtirilgan, shuningdek, hududda atom suvosti kemasi va sakkizta harbiy kema – esminetslar, kreyserlar va desant kemalari faoliyat yuritmoqda.

AQShning Tinch okeani tomoni bo‘yicha ikki marta zarba bergani va olti kishi halok bo‘lgani haqida xabarlar bor. Bu esa Venesuela va Kolumbiya bilan munosabatlarda keskinlikni oshirdi. Ko‘plab xalqaro tashkilotlar AQShni inson huquqlarini va xalqaro qonunlarni buzganlikda ayblamoqda.

«Men Venesuelaga zarba beramanmi yoki yo‘qmi — bu haqida aytmayman. Ammo har bir narkotik tashuvchi kema 25 ming odamning hayotini yo‘q qilmoqda», – dedi Donald Tramp CBS telekanaliga bergan intervyusida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Venesuela prezidentini o‘g‘irlashga uringani haqida yozgandi.