Fitch: SQB xususiylashtirilishi UzNIF IPO’sidan keyin 2026-yilda amalga oshishi mumkin

Fitch Ratings agentligi O‘zbekistonning yangilangan banklarni xususiylashtirish dasturini hukumat tomonidan maqsadli va selektiv yondashuv sifatida baholadi. Asosiy e’tibor «Sanoat-qurilish banki» (SQB)ga qaratilgan bo‘lib, u boshqa davlat banklari uchun namunaviy model bo‘lishi mumkin.
Fitch qayd etishicha, yaqin yillarda keng ko‘lamli bank xususiylashtirishlari kutilmagan. Bunga sekin o‘zgarayotgan biznes modellar, davlat kreditlarining katta ulushi, kapital cheklovlari va raqobat kuchayishi sabab bo‘lgan.
«SQB»ni xususiylashtirish jarayoni
Davlat banklari hozirda tijorat faoliyatini kengaytirish hamda yo‘naltirilgan kreditlashdan voz kechish yo‘lida islohotlar olib bormoqda. Bu esa korporativ boshqaruvni, risk-menejmentni va rentabellikni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston hukumati SQB’ni xususiylashtirishning asosiy obyekti sifatida belgilagan. O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) bu jarayonda yetakchi rol o‘ynab, bankni xususiylashtirishga tayyorlash ishlarini olib bormoqda.
Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil sentabr oyidagi qaroriga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 30% ulushi Iqtisodiyot va moliya vazirligi orqali UzNIF’ga o‘tkaziladi. Shuningdek, 2025-yil oxirigacha nazorat paketini sotish rejasidan voz kechildi.
Hukumatning iyul oyidagi budjet strategiyasida SQB, «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank»ni 2026-yildan keyin xususiylashtirish rejalashtirilgan. Fitch bu jarayonni hukumat resurslarini aniq yo‘naltirgan holda amalga oshirish sifatida baholadi.
SQB tijoratga yo‘naltirilgan modelga o‘tishda ilgarilab ketgan. Franklin Templeton boshqaruvidagi UzNIF ishtiroki bu jarayonni tezlashtirib, strategik investorlar uchun jozibadorlikni oshiradi.
Kapitalni mustahkamlovchi emissiya
Shu yilning oktabr oyida SQB O‘zbekistonda ilk bor $300 millionlik AT1 obligatsiyalarini joylashtirdi. Bu emissiya bank kapitalini mustahkamlab, kichik va o‘rta biznes kreditlash hajmini kengaytirish imkonini berdi.
Bank bu mablag‘lar hisobiga 2026 – 2027-yillarda $2,1 milliardlik yangi kreditlar ajratishni va $80 millionlik qo‘shimcha sof foiz daromadi olishni rejalashtirgan.
Shuningdek, Fitch prognoziga ko‘ra, SQB nazorat paketi 2026-yildagi UzNIF IPO’sidan so‘ng sotilishi mumkin. Bu jarayon muvaffaqiyatli yakunlansa, u «Asakabank» va «Aloqabank» uchun ham namunaviy tajriba bo‘ladi.
Shu bilan birga, «Asakabank»da past daromadli eski kreditlar ulushi yuqori bo‘lib qolmoqda, «Aloqabank» esa yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratishdagi asosiy roli sababli qisqa muddatda xususiylashtirilmaydi.
Fitch xulosasi
Agentlik ta’kidlashicha, SQB’ning AT1 obligatsiya emissiyasi O‘zbekistondagi davlat banklari uchun kapitalni bozor mexanizmlari orqali oshirishning muhim tajribasi bo‘ldi.
Fitch «SQB», «Asakabank» va «Aloqabank»ning «BB» darajadagi hukumat qo‘llab-quvvatlash reytinglarini saqlab qoldi. Bu davlat ularni zarurat tug‘ilganda moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini anglatadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan to‘rtta davlat banklarini xususiylashtirish kechiktirilgani haqida yozgandi.