Yangiliklar

Gruziyada Turkiya harbiy samolyoti halokatga uchradi

Erdo‘g‘on halok bo‘lganlarni shahidlarimiz deb atadi
Foto: Reuters

11-noyabr kuni Turkiyaning harbiy transport samolyoti C-130 Gruziyada halokatga uchradi. Samolyot Ozarbayjondan uchib kelayotgan bo‘lib, bortida kamida 20 nafar odam bo‘lgan. Halok bo‘lganlar soni ma’lum emas.

Turkiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, qutqaruv-qidiruv ishlari Gruziya hukumati bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Gruziya Ichki ishlar vazirligi samolyot halokatini tasdiqlagan va u Ozarbayjon chegarasidan taxminan 5 kilometr uzoqlikda qulaganini bildirgan.

Foto: Reuters

Rasmiylarga ko‘ra, samolyot hech qanday xavf signali yubormagan va Gruziya havo hududiga kirganidan bir necha daqiqa o‘tib radar ekranidan g‘oyib bo‘lgan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hodisa haqida xabar olgach, Anqaradagi chiqishi vaqtida nutqini to‘xtatib, halok bo‘lganlarni shahidlarimiz deb atadi.

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya o‘zining ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Gruziya ichki ishlar vaziri Gela Geladze bilan telefon orqali suhbatlashganini va u ham voqea joyiga yo‘l olganini yozdi.

Halokat joyi Gruziyaning janubi-sharqidagi tarixiy Signaxi shahri yaqinida, Alazani vodiysi bilan Ozarbayjon chegarasi oralig‘ida joylashgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiyada 6,1 balli zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi.