
Migratsiya agentligining vakolatlarini aniqlashtirish, xususiy bandlik agentliklarining faoliyat doirasini kengaytirish hamda ish vaqtidan tashqari mehnat uchun to‘lov tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi qonun qabul qilindi.
Unga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklariga ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunar va chet tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish huquqi beriladi. Shuningdek, ushbu jarayonga xorijlik ish beruvchilarni ham jalb etish imkoniyati yaratiladi. Agentliklar endilikda zaxira mablag‘larini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirib, olingan foiz daromadlarini mustaqil tasarruf etish huquqiga ega bo‘ladi.
Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, endilikda ish vaqtidan tashqari ishning yil davomida 120 soatdan oshmasligi haqidagi talab bekor qilindi.
Shu bilan birga, ish vaqtidan tashqari mehnat uchun haq to‘lashning aniq miqdori ham belgilandi. Ya’ni birinchi ikki soat uchun kamida 1,5 hissa, undan ortiq vaqt uchun esa kamida 2 hissa miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iyun oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash va uning davomiyligini soddalashtirishga qaratilgan yangi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilingandi.