Istanbulning sobiq meri 2430 yilga qamalishi mumkin

11-noyabr kuni Akram Imomog‘liga qarshi ayblov xulosasi e’lon qilindi. Prokuratura uni 142 band bo‘yicha ayblab, 2430 yil ozodlikdan mahrum etishni jazosi so‘radi. Bu haqda «Anadolu» xabar berdi.
Ayblovga ko‘ra, Imomog‘li davlat tenderlarida til biriktirish, moliyaviy firibgarlik, pul yuvish, soxta hujjatlar tayyorlash va jinoiy tashkilot tuzishda ayblanmoqda. Istanbul bosh prokuraturasi hisob-kitobiga ko‘ra, bu jinoyatlar oqibatida davlatga 3,27 milliard yevro va 20,7 million yevro miqdorida zarar yetkazilgan.
Imomog‘li shu yilning mart oyida hibsga olingan bo‘lib, hozirda Silivri tumanidagi Marmara qamoqxonasida saqlanmoqda. U bilan birga 402 nafar gumonlanuvchi hibsga olingan, ular orasida uning yaqin siyosiy hamkorlari ham bor. Prokuratura ta’kidicha, Imomog‘li o‘z atrofidagi shaxslar bilan «tijoriy foyda maqsadidagi jinoiy tarmoq» tuzgan va bu tarmoq orqali prezidentlik saylov kampaniyasiga noqonuniy moliyaviy manba yaratishga uringan.
Muxolifat esa bu jarayonni siyosiy bosim sifatida baholamoqda. Ularning fikricha, Imomog‘liga nisbatan ish mamlakat siyosiy raqobatini cheklash va 2027-yilgi prezidentlik saylovlarida uning ishtirokini to‘xtatishga qaratilgan.
Shuningdek, uning diplomi haqiqiy emas deb topilgani, siyosiy faoliyatini davom ettirish imkoniyatini cheklaydi. Sud jarayonlari Istanbulning Silivri tumanidagi yuqori xavfsizlikdagi qamoqxonada o‘tkazilmoqda. Imomog‘li yakka kamerada saqlanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiyada Istanbul merining hibsga olinishiga qarshi norozilik namoyishlari avj olgani haqida xabar bergan edi.