
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga mikro, kichik va o‘rta korxonalarni, ayollar boshqaruvidagi bizneslarni qo‘llab-quvvatlash hamda mikromoliyaviy sektorni rivojlantirish maqsadida $300 million miqdorida mablag‘ ajratadi. Bu haqda tashkilot axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mablag‘ning $100 millioni imtiyozli shartlarda beriladi. Loyiha mikromoliyaviy sektorni rivojlantirish, kreditlash qoidalarini takomillashtirish hamda ayollar tadbirkorligini moliyalashtirish xalqaro kodeksiga qo‘shilishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, islomiy mikromoliyalashtirish uchun huquqiy asos yaratish rejalashtirilgan.
OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araiya bu dastur o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va mikro tadbirkorlar uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar ochishini, gender tengligini rag‘batlantirishini va iste‘molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishini ta’kidladi.
«Ushbu dastur o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va mikro tadbirkorlar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini ochadi, gender tengligini rag‘batlantiradi va moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytiradi», — dedi u.
Dastur doirasida raqamli moliyaviy nazoratni kuchaytirish, mas’uliyatli kreditlash standartlarini yangilash va depozit qabul qiluvchi mikromoliyaviy banklar tashkil etish nazarda tutilgan. Hozirgacha bunday banklar uchun ikki litsenziya berilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB chorvachilikni rivojlantirish uchun O‘zbekistonga $63 mln olishi haqida xabar bergan edi.