Yangiliklar

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Ishbilarmonlik va Investitsiya kengashi tashkil etiladi

1-yanvardan boshlab O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etiladi
AQShdan O‘zbekistonga
Foto: Eugene_B-sov / www.depositphotos.com

Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan savdo va investitsiya aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tuzish to‘g‘risida farmon imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu tashabbus prezidentning noyabr oyi boshida AQShga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida «C5+1» sammiti doirasida kelishib olingan.

Farmonga ko‘ra, Kengashning maqsadi ikki davlat o‘rtasida strategik biznes tashabbuslarni muvofiqlashtirish, yirik savdo va investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini muntazam nazorat qilishdan iborat bo‘ladi. Kengash tarkibini, reglamentini va faoliyati tartibini O‘zbekiston tomoni nomidan Prezident Administratsiyasi rahbari tasdiqlaydi.

Farmonda O‘zbekistonga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus fond tashkil qilish, xalqaro moliya institutlari (YTTB, XMK, OTB)ni jalb etish, shuningdek, tarif stavkalarini pasaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. IT-park rezidentlari mahsulotlarini xorijda ilgari surish va investitsiya portfelini diversifikatsiyalash ham Kengashning asosiy vazifalaridan bo‘ladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etiladi. U Prezident Administratsiyasi rahbariga bevosita hisobdor bo‘ladi va ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtiradi.

Maslahatchi-elchining asosiy vazifalariga O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida strategik investitsiya va savdo loyihalarini ilgari surish hamda Kengash faoliyatini kompleks muvofiqlashtirish kiradi.

Shu bilan birga, AQShda yangi konsulliklar ochish rejalashtirilgan. Konsulliklar Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietl shaharlarida ochilib, o‘zbek diasporalari bilan hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qiladi.

2026-yildan boshlab O‘zbekiston rezidentlariga AQShdagi filiallar va investitsiya loyihalarini cheklovlarsiz moliyalashtirish imkoniyati beriladi.

Markaziy bank va Iqtisodiyot hamda moliya vazirligi mamlakatning valyuta zaxiralari va investitsiya aktivlarini yanada samarali boshqarish, ularni AQShdagi yuqori likvidli aktivlarga yo‘naltirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Kengashning ijro organi AQSh hududida doimiy ofisga ega bo‘ladi, uning tarkibiga amerikalik mutaxassislar ham jalb etiladi.

Farmon ijrosi ustidan nazorat Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va AQSh viza tartibini soddalashtirish masalasini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.