O‘zbekiston va Coursera raqamli ta’lim bo‘yicha hamkorlik qiladi

eʼlon qilindi
3000 dan ortiq kurslari o‘zbek tiliga tarjima qilinadi
Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShga xizmat safari davomida dunyodagi eng yirik onlayn ta’lim platformalaridan biri Coursera rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va platforma o‘rtasida axborot texnologiyalari ta’limini rivojlantirish, xalqaro sertifikatlash tizimini joriy etish hamda global ta’lim resurslariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda, shuningdek, milliy AT-ta’lim reyting tizimini yaratish, sertifikatlash jarayonlarini takomillashtirish va raqamli ta’lim ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ilgari surildi. Muhim jihatlardan biri sifatida Coursera 2025-yil oxirigacha 3 mingta o‘quv kursini o‘zbek tiliga tarjima qilishni rejalashtirayotgani bildirildi.

Bu minglab o‘zbekistonlik foydalanuvchilarga xalqaro sifatli ta’lim resurslaridan ona tilida foydalanish imkonini beradi. Bugungi kunda Coursera platformasida 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlik onlayn ta’lim olmoqda. Platforma Google, AWS, Nvidia, Meta va Microsoft kabi global texnologiya kompaniyalari bilan hamkorlikda ta’lim dasturlarini ishlab chiqadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash va sanoat bilan integratsiyani kengaytirish orqali AT-ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 20 ta oliy ta’lim muassasasida Hemis AI ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek